LAZGI

Tadbir haqida

O‘zbekiston milliy baletining chiqishi Xalqaro opera va balet festivalini

“Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” spektakli bilan ochib beradi

2024-yilning 24–25-fevral kunlari Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Xalqaro opera va balet festivalining ochilishi munosabati bilan “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etiladi.

Mashhur nemis baletmeysteri Raul Raymondo Rebekning taʼsirchan sahna asari YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Xorazm raqsi — lazgisiga bag‘ishlangan. Xalq donishmandligining timsoli bo‘lgan, ko‘plab sir-asror va afsonalarga chulg‘angan Xorazm raqsi tarixi uch ming yillik tarixga ega. Fusunkor quvvat, otashin harakatlar, murakkab raqs bezagiga asoslangan noyob uslub – bularning barchasi lazgini misli yo‘q madaniy hodisaga aylantiradi.

O‘zbekiston milliy baletining spektakli ilk bor 2021-yilda omma e’tiboriga havola etilgan bo‘lib, o‘sha zahotiyoq tomoshabinlarning olqish va tasannolariga sazovor bo‘lgan. “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet sahnalashtiruvining ilk xalqaro namoyishi “Dubay Opera” sahnasida boʻlib oʻtib, keyinchalik spektakl Istanbul va Bursa (Turkiya), Dortmund (Germaniya), Parij (Fransiya), Sankt-Peterburg (Rossiya), Moskva (Rossiya) shaharlarida namoyish etildi. Joriy yilda spektaklning ilk namoyishi Pekindagi Xitoy milliy opera teatri sahnasida 22-yanvar kuni O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida o‘tkazildi.

Nafis raqs san’ati mohiyatida xatti-harakatlar va hayotning o‘ziga nisbatan muhabbat hikoyasi yotadi. Badiiy asar muqaddimasi ming yillar avval Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Markaziy Osiyo orqali o‘tgan karvonlarning hashamatli davridan boshlanadi. Jazirama cho‘lu-biyobonda afsungar xirgoyisi ostida Muhabbat uyg‘onib, o‘lmas Qalb o‘zining mangu raqsini xumor aylaydi. Bu moziydan istiqbolga hayoliy sayohat – bu ko‘p asrlik an’analar va xalq ruhoniyatini o‘zida mujassam etgan Qalb va unga barcha davrlar mobaynida beixtiyor ergashib boruvchi Muhabbat qissasidir. Xalq tarixi, ajdodlar xotirasi, ruhlar tovushi – baletning har bir pardasida zamonlararo bog‘liqlik tobora kuchayib borib, tomoshaning eng avj nuqtasida Qalb va Muhabbat ayrilmas bir butunlikni hosil qiladi.

Baletni sahnalashtirishda zamonamizning taniqli san’at ustalaridan iborat xalqaro jamoa ish olib bordi. Musiqa bastakor Devidson Jakonello tomonidan yozilgan, lol qoldiruvchi bezak va yorug‘lik ta’sirlarini dunyoga mashhur yapon multimedia rassomi Yoko Seyama xonim yaratgan. Libretto muallifi va xoreograf sahnalashtiruvchisi – Raul Raymondo Rebek, mashhur nemis raqqosi, Dortmund baletining beletmeysteri va “NRW Junior Ballet” badiiy rahbaridir. U 1987–2008-yillarda Berlin davlat operasi, Essendagi Nemis opera va balet Aalto teatrida bosh xonanda sifatida nufuzli xalqaro sovrinlar, jumladan Prix de Lozanne mukofotiga sazovor boʻlgan. U Uilyam Forsayt va Irji Kiliandan tortib Moris Bejar, Rudolf Nureyev va Rolan Petigacha bo‘lgan ko‘plab jahon sahnasi yulduzlari bilan faoliyat yurgizdi. Xoreograf va baletmeyster sifatida u AQSH, Avstriya, Germaniya, Gonkong, Kanada, Monako, Shveytsariya va Yaponiya jamoalari bilan hamkorlik qilgan. Shu tariqa uning spektakllari Berlin, Dortmund, Karlsruhe, Myunxen, Nyu-York, Ostona, Seul va Shtutgart teatrlari ijod bisotiga ko‘rk bag‘ishlab keladi.

Raymondo Rebekning hayratlanarli xoreografiyasi an’anaviy ko‘hna raqsni mumtoz balet unsurlari bilan birlashtirib tomoshabinlar e’tiboriga Sharqning barcha hashamati-yu Buyuk Ipak yo‘lining ajib sehrini taqdim etadi. Rang-baranglik va nozik karashma, an’analar va zamonaviylik, taftli quvvat va chuqur ramziylikning uyg‘unligi xoreografiya olamida allaqachon katta shov-shuvga aylanib ulgurdi. Betakror raqsga maftunlik va xalq cholg‘u asboblarining ohanrabo sadosi, aql bovar qilmas nurafshon jilolar va eng so‘nggi sahnabop uslublar hamda O‘zbekiston milliy balet sayyor guruhining betakror jo‘shqin ijrosi hech kimni befarq qoldirmaydi!

G‘oya muallifi – Saida Mirziyoyeva

Loyiha rahbari – Gayane Umerova

Libretto va xoreografiya – Raymondo Rebek

Sahna ko‘rinishi bezaklari – Yoko Seyama

Liboslar dizayneri – Frol Burimskiy

Musiqiy sayqallash va kompozitsiya – Devidson Jakonello

Chiroq rassomi – Tim Vatslavek

Maslahatchilar – Gulnora Musayeva va Gavhar Matyoqubova

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun xodimlar salohiyatini shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.

acdf.uz

 

 

Yosh cheklanishlari / Til

6+
LAZGI LAZGI