
Islom sivilizatsiyasi markazi — Toshkent shahrining Eski shahar qismida, Hazrati Imom majmuasi yaqinida joylashgan yirik ilmiy-ma’rifiy va madaniy maskan. Markaz O‘zbekiston hududida islomdan avvalgi davrlardan tortib, islom sivilizatsiyasi rivoji va zamonaviy taraqqiyotgacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni yoritishga bag‘ishlangan.
Markaz ekspozitsiyalarida qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar, buyuk allomalar merosi va ilm-fan taraqqiyotiga oid materiallar namoyish etiladi. Ayniqsa, Qur’on zali, noyob tarixiy eksponatlar hamda zamonaviy multimedia va interaktiv texnologiyalar yordamida yaratilgan ko‘rgazmalar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi — tarix, ilm-fan, madaniyat va ma’naviy merosga qiziquvchilar uchun O‘zbekistonning boy tarixini yangi taassurotlar orqali kashf etish imkonini beruvchi maskan.