Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2025-yil 1-noyabr kuni Samarqand bebaho durdonasi — Registon maydonida elektron musiqaning asoschilaridan biri, jahon sahnasining afsonaviy ijrochisi Jan-Mishel Jarning konserti bo‘lib o‘tishini e’lon qiladi.
Ko‘p yillardan buyon YUNESKOning Ezgu niyatlar elchisi bo‘lib kelayotgan Jan-Mishel Jar yorug‘lik, elektron musiqa va ulkan me’moriy obidalarni uyg‘unlashtirishdagi o‘ziga xos san’atini dunyoning betakror maskanlaridan biri — YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Registon maydonida namoyon etadi.
Mazkur konsert nafaqat san’at tarixida, balki O‘zbekiston madaniy hayotida ham yangi sahifa ochadi — chunki bu Jan-Mishel Jarning yurtimizdagi ilk konserti bo‘ladi va u o‘ziga xos chiqishlari bilan tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etishi kutilmoqda.