Hamma bolalar ham xayol surishni yaxshi koʻradilar. Mana, bizning jajji Gansning tasavvurida ham atrofingdagi hamma narsa shirinlikka aylanib qoladi. Axir u shirinliklarni jondan ortiq koʻrsa, yana qanday boʻlsin! “Nega kichkina ukalar bunchalik landavur boʻlishadi-ya?” – deb noliydi Greta. Chunki ukaning shoʻxliklari sabab hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketdi va endi moruq (malina) terish uchun qorongʻu oʻrmonga borishga toʻgʻri keladi.
Bolalar oʻrmonda pechenyelardan qurilgan uychani topib olishganda, Gans quvonchdan koʻzlariga ishona olmadi — hamma narsa xuddi uning tushidagidek edi: tomi xuddi tort, eshiklari vafli, derazalari esa muzqand va shokoladdan qilingan. Xoʻsh, bu yerda umrbod qolib ketmaslikning iloji bormi? Boz ustiga, bu yerdagi Yalmogʻiz ham umuman yovuz boʻlib koʻrinmaydi. Pechenyeli odamchalar ham juda yoqimtoy. Voy, toʻxtang, axir bular sehrlab qoʻyilgan bolalar-ku! Bu yerdagi hamma narsa afsunlangan, soxta ekan...
Aka-singil Yalmogʻizdan qanday qochib qutularkin, uyga qaytish yoʻlini qanday topisharkin va oʻzlarini bu yovuzlikdan qanday asrab qolisharkin? Bunga faqat sevgi — singilning chinakam, afsunlanmagan mehri va muhabbatigina qodir.