Sergey Roldugin va Pavel Milyukovning konsert dasturi

Tadbir haqida

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida taniqli sozandalar Sergey Roldugin va Pavel Milyukovning konserti bo‘lib o‘tadi. San’atkorlarning chiqishlariga Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri hamrohlik qiladi. Tinglovchilarni Pyotr Chaykovskiyning “Rokoko mavzusiga oid variatsiyalar” hamda Maks Bruhning 1-sonli orkestr skripkasi konsertidan iborat jonli dastur kutmoqda.

Tadbir tashkilotchilari – Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, RosKonsert.

Mazkur konsert mamlakatimiz aholisini jahon musiqa merosiga oshno qilish hamda O‘zbekiston ijod ahlini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturning bir qismidir.

Roldugin haqida

Sergey Roldugin taniqli violonchel sozandasi va dirijyor, Rossiya xalq artisti, Sankt-Peterburg Musiqa uyining professori, Mariinskiy teatrining taklif etilgan dirijyori. 2006-yildan buyon uning tashabbusi bilan asos solingan federal muassasa – Sankt-Peterburg Musiqa uyining badiiy rahbari bo‘lib, uning loyihalari asosan yakkaxon ijod pillapoyasini boshlagan rossiyalik yosh musiqachilarni tayyorlashga qaratilgan. Ular uchun konsertlar tashkil etilib, jahonning yetakchi sozandalari tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi, xalqaro tanlovlarga tayyorlanadi. Sergey Roldugin buyuk knyaz Aleksey Aleksandrovich saroyi me’moriy yodgorligini to‘liq va keng miqyosli restavratsiya qilinishiga erishgan, u yerda Sankt-Peterburg Musiqa uyi yoshlar loyihalari doirasida mahorat darslari va kamera konsertlari o‘tkaziladi.

Sergey Roldugin mahalliy musiqa san’atiga qo‘shgan ulkan hissasi va musiqiy pedagogik xodimlarni tayyorlagani uchun faxriy ordeni bilan taqdirlangan (2011). 2016-yilda u Aleksandr Nevskiy ordeniga munosib, deb topilgan. 2017-yilda Qozogʻistonning II darajali “Doʻstik” ordeni, 2021-yilda milliy madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi va koʻp yillik samarali faoliyati uchun IV darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Pavel Milyukov haqida

Pavel Milyukov Moskva konservatoriyasining bitiruvchisi. Gratsdagi musiqa va drama universiteti hamda Vena musiqa va ijrochilik institutida professor Boris Kushnir rahbarligida malaka oshirgan.

Kloster-Shyontal (II mukofot, 2003), Robert Kanetti (I mukofot, 2005, Vengriyada o‘tkazilgan), Moskvadagi Nikkolo Paganini nomidagi (II mukofot, tanlovda I mukofot taqdirlanmagan, 2007), Ostonadagi “Astana Violin” (Gran-pri, 2008), Parijdagi “Vibrarte” (“Con Spirito” triosi tarkibida I mukofot, 2008), Moskvada David Oystrah nomidagi (II mukofot, 2008), Seulda (II mukofot, 2012), Yerevanda Aram Hachaturyan nomidagi (I mukofot, 2012) kabi xalqaro tanlovlar sovrindori. 2010-yilda u I Butunrossiya musiqa tanlovida (Moskva) II mukofot sohibi bo‘lgan. 2015-yilda P.I.Chaykovskiy nomidagi XV Xalqaro tanlovda III mukofotni qo‘lga kiritgan.

Skripka sozandasi jo‘shqin konsert faoliyatini olib boradi: u Ovro‘pa mamlakatlari, Braziliya, Janubiy va Shimoliy Koreya, Xitoy, Yaponiya, va Rossiyaning ko‘plab shaharlarida sayyor safarlarda bo‘lib, u yerda mahorat darslarini o‘tkazadi.

Alibek Kabdurahmanov rahbarligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri boy tarixga ega jamoa. 1936-yilda tashkil etilgan orkestr turli davr, uslub va harakatlarga oid asarlarni o‘z ichiga olgan eng boy repertuarga ega bo‘lib, ko‘pincha o‘zbekistonlik bastakorlar asarlarini ijro etadi, dunyoning turli mamlakatlari ijrochilari bilan hamkorlik qilib keladi.

Jamoa ham O‘zbekiston, ham xorijda munosib tanilgan. O‘tgan yilining o‘zida jamoa Berlin filarmoniyasi va Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida chiqish qilib, shuningdek, A.Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida “Qarsildoq” balet spektaklini sahnalashtirishda ishtirok etib, musiqashunos munaqqidlarning yuksak e’tiroflariga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan asos solingan. Jamg‘armaning pirovard maqsadi O‘zbekiston madaniyatini xalqaro miqyos manzarasiga uzviy singdirish, madaniyat muassasalarida bag‘rikeng va qulay muhitni yaratish orqali mamlakat ichidagi imkoniyatlarni taraqqiy ettirish, muzeylarni ta’mirlash, metsenatlikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun xodimlar salohiyatini shakllantirishdan iborat. Jamg‘armaning loyihalari san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik, raqs san’ati, kino kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan. Fanlararo yondashuvni qo‘llagan va turli mamlakatlar yetakchi mutaxassislarini birlashtirgan holda Jamg‘arma MDH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari orasida madaniy diplomatiyaning yillar osha barq urishini rag‘batlantiradi.

acdf.uz

Yosh cheklanishlari / Til

Sergey Roldugin va Pavel Milyukovning konsert dasturi Sergey Roldugin va Pavel Milyukovning konsert dasturi